III bo‘lim. Aholini ish bilan ta’minlashni tartibga solish va tashkil etish
15-modda. Ish bilan ta’minlashni tartibga solish
O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruvi idoralari:
iqtisodiyot strukturasini tahliliy tadqiq etadilar, mehnat bozori ahvolini va aholi bandligi sohasidagi vaziyatni oldindan taxmin qiladilar, bu sohada davlat statistika hisob-kitobini va hisobini amalga oshiradilar;
ish bilan ta’minlashning respublika va mintaqa dasturlarini ishlab chiqadilar hamda tegishli xalq deputatlari Sovetlari muhokamasiga kiritadilar, bunday dasturlarni amalga oshirishni o‘z vakolatlari doirasida ta’minlaydilar;
ijtimoiy ishlab chiqarishda qo‘shimcha ishchi o‘rinlar vujudga keltirilishiga, mehnat sharoitlari yaxshilanishiga ko‘maklashadilar;
tadbirkorlikning rivojlanishini rag‘batlantiradilar, fuqarolarga kooperativlar, kichik korxonalar, ijara korxonalari va aksionerlik jamiyatlarining korxonalarini tashkil etishda ko‘maklashadilar;
mehnat faoliyati bilan shug‘ullanuvchi aholini ijtimoiy-huquqiy muhofaza qilish chora-tadbirlarini ko‘radilar.
16-modda. Ish bilan ta’minlashning respublika va mintaqa dasturlari
Aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish, ishsizlikning oldini olish va ishsizlik oqibatlaridan ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida respublika miqyosida va mahalliy darajada ish bilan ta’minlash dasturlari ishlab chiqiladi.
Aholini ish bilan ta’minlash dasturining mazmuni, uni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
17-modda. Rivojlantirishda ustunlik beriladigan hududlar
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi viloyat hokimliklarining tavsiyasiga binoan har yili ishchi o‘rinlari respublika Hukumati tomonidan rag‘batlantiriladigan hududlarni belgilaydi.
Ustuvor rivojlantiriladigan hududlarda ishlab chiqarishlar, ularning shu’balari, qo‘shimcha va nostandart ishchi o‘rinlari vujudga keltirayotgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadigan tartib va shartlar asosida soliqlar bo‘yicha yengilliklar va boshqa imtiyozlar beriladi.
18-modda. Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi muvofiqlashtirish qo‘mitalari
Ish bilan ta’minlash siyosatini belgilash va amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan qarorlarni ishlab chiqish maqsadida respublika miqyosida va mahalliy darajalarda kasaba uyushmalarining, ish beruvchilar uyushmalari va davlat boshqaruvi idoralarining vakillaridan ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi muvofiqlashtirish qo‘mitalari tuziladi. Kasaba uyushmalari va ish beruvchilarning vakillari qo‘mitalarning tarkibiga teng miqdorda kiritiladi.
Muvofiqlashtirish qo‘mitalarini tashkil etish va ularning ish tartibini qo‘mitalarda vakillik qiluvchi tomonlar belgilaydi.
Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi muvofiqlashtirish qo‘mitasining faoliyatini respublika darajasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Vazirlar Mahkamasi, mahalliy darajada esa xalq deputatlari tegishli Sovetlari uyushtiradi.
19-modda. Ish bilan ta’minlash davlat xizmatlari
1. Aholini ish bilan ta’minlash siyosatini amalga oshirish va fuqarolarga tegishli kafolatlar ta’minlab berish uchun aholini ish bilan ta’minlash davlat xizmati tashkil etiladi. Aholini ish bilan ta’minlash davlat xizmatini tashkil etish va uning ish tartibi respublika qonunlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Ish bilan ta’minlash davlat xizmatlariga pul ajratish aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
2. Aholini ish bilan ta’minlash davlat xizmatlari korxonalar, muassasalar, tashkilotlarga va boshqa ish beruvchilarga ko‘rsatadigan xizmatlar, shuningdek mehnat bozorining ahvoli to‘g‘risidagi axborotlar bilan ta’minlash bepul amalga oshiriladi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining tarkibida mehnat qilish va ish bilan ta’minlashga doir qonunlar mulkchilik shakli va xo‘jalik yuritishning shakllaridan qat’i nazar, davlat va jamoat idoralari, ish beruvchilar tomonidan qanday bajarilayotganini nazorat qiluvchi inspeksiya tuziladi.
4. Chet ellarda fuqarolarni, shuningdek chet ellarda ishlash yuzasidan xususiy mehnat bitimlariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, O‘zbekistonga ishga kelgan chet el fuqarolarini ishga yollash va ishga joylashtirish bilan shug‘ullanadigan yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyat ko‘rsatishiga, kadrlarni o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ishga joylashtirish bo‘yicha pulli xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning faoliyat ko‘rsatishiga O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi beradigan litsenziyaga binoan ruxsat etiladi.
20-modda. Ish bilan ta’minlash davlat xizmatining vazifalari va huquqlari
1. Ish bilan ta’minlash davlat xizmati:
mehnat bozoridagi holatni tahlil hamda taxmin qiladi va tegishli axborot tarqatilishini ta’minlaydi;
bo‘sh ish joylarini (vakant lavozimlarni) va ishga joylashtirish masalasida murojaat qilgan fuqarolarning hisobini yuritadi;
ish bilan ta’minlash xizmatiga murojaat qilgan fuqarolarga va ish beruvchilarga ish topish hamda ishchi kuchi bilan ta’minlash imkoniyatlari to‘g‘risida, kasblarga va xodimlarga nisbatan qo‘yilayotgan talablar hamda ish bilan ta’minlashga doir boshqa masalalar to‘g‘risida maslahatlar beradi;
fuqarolarga maqbul keladigan ishni tanlashda, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va boshqa ish beruvchilarga esa zarur xodimlarni tanlashda yordam ko‘rsatadi;
ishlamayotgan fuqarolarni kasbga o‘rgatish, qayta o‘qitish va malakasini oshirishni tashkil etish to‘g‘risida o‘quv yurtlari, muassasalar, tashkilotlar va korxonalar bilan shartnomalar tuzadi;
bo‘shatilayotgan xodimlarga va ish bilan ta’minlanmagan aholiga ishga joylashtirish hamda kasb tanlash yuzasidan xizmatlar ko‘rsatadi;
ishsizlarni ro‘yxatga olishni ta’minlaydi va ularga yordam ko‘rsatadi, shu jumladan nafaqalar belgilanishiga va bu nafaqalarni olish uchun chek berilishiga ko‘maklashadi;
respublika, viloyat, shahar va nohiya ish bilan ta’minlash dasturlari aholini ijtimoiy muhofaza qilish tadbirlarini ko‘zda tutgan holda ishlab chiqilishini tashkil etadi.
2. Ish bilan ta’minlash davlat xizmati:
korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan mulkchilik hamda xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar, mo‘ljallanayotgan strukturaviy o‘zgarishlar va amalga oshirilishi natijasida mehnatkashlar ishdan bo‘shatilishi mumkin bo‘lgan boshqa tadbirlar to‘g‘risida, shuningdek bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) bor-yo‘qligi, shu jumladan ulardagi mehnatning xarakteri va sharoiti haqida axborotlar olish;
ish bilan ta’minlash davlat xizmatiga murojaat qilgan fuqarolarni malakasi va kasb tayyorgarligi darajasiga muvofiq ishga joylashtirish uchun tegishli bo‘sh ishchi o‘rinlar (vakant lavozimlar) bo‘lgan taqdirda hamma turdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuborish;
barcha turdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj kishilarni ishga qabul qilishga mo‘ljallangan ish joylarining eng kam miqdorini belgilab qo‘yish to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish va ularni xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining muhokamasiga taqdim etish, shuningdek mazkur fuqarolarni ishga joylashtirish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga yuborish;
mulkchilik va xo‘jalik yuritish shakllaridan qat’i nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ishonchnomasiga muvofiq ular nomidan fuqarolarni ishga joylashtirish to‘g‘risida shartnomalar tuzish, zarur hollarda ularni oldin kasb tayyorgarligidan o‘tkazish, yo‘lkira, har bir kecha-kunduz uchun haq to‘lash, shuningdek yangi istiqomat va ish joyiga ko‘chib borish chog‘ida tegishli korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hisobidan yordam puli berish;
ish bilan ta’minlanmagan fuqarolarni ularning xohish-istagiga qarab haq to‘lanadigan jamoat ishlariga belgilangan tartibda jo‘natish;
ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasining mablag‘larini tasarruf etish;
ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ish qidirayotganlar sifatida ro‘yxatga olingan kishilarga kasb o‘rgatish va ularni qayta o‘qitish xarajatlarini to‘lash, shuningdek ushbu Qonunda nazarda tutilgan miqdorlarda ularga butun ta’lim davri uchun stipendiyalar belgilash;
belgilangan tartibda fuqarolarga ishsizlik nafaqalari tayinlash, qonunda ko‘zda tutilgan hollarda ana shunday nafaqalar to‘lashni to‘xtatib qo‘yish yoki bekor qilish;
faoliyati aholini ish bilan ta’minlash bilan bog‘liq vositachi tashkilotlarni ro‘yxatga olish va ular faoliyati uchun litsenziyalar berish huquqlariga egadirlar.
21-modda. Korxonalar, tashkilotlar, muassasalarning ish bilan ta’minlashga doir davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etishi
1. O‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirayotgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar mulkchilik va xo‘jalik yuritishning shakllaridan qat’i nazar, ish bilan ta’minlashga doir davlat siyosatini:
O‘zbekiston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonunlariga muvofiq mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi shartnomalar (bitimlar) shartlarini bajarish;
ishchilarga kasb tayyorgarligi, qayta tayyorlash va malaka oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga moliyaviy ajratmalar o‘tkazish;
xalq deputatlari mahalliy Sovetlari belgilagan miqdordagi shaxslarni ishga joylashtirish;
bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) borligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har oyda ishdan bo‘shatish mumkinligi haqidagi axborotni ishdan bo‘shatish asoslarini, ishdan bo‘shatish daxl qilishi mumkin bo‘lgan fuqarolar soni va toifasini va ishdan bo‘shatish qaysi muddatda amalga oshirilishini ko‘rsatib oldindan (kamida 3 oy oldin) taqdim etish yo‘li bilan amalga oshirishga ko‘maklashadilar
Bo‘sh ish joylari (vakant lavozimlar) haqidagi axborotni o‘z vaqtida taqdim etmagan va bunday joylar (lavozimlar)ning mavjudligini yashirishda aybdor bo‘lgan va ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga pul ajratishdan bo‘yin tovlayotgan mansabdor shaxslarga ish bilan ta’minlash davlat xizmati tomonidan ma’muriy tartibda uch oylik mansab maoshigacha bo‘lgan miqdorda jarima solinadi.
Mahalliy hokimiyat idoralari xodimlarni ommaviy bo‘shatish to‘g‘risidagi qarorni olti oy muddatga to‘xtatib qo‘yishlari mumkin, bunda ular korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning ana shu kechiktirish tufayli ko‘rgan zararlarni qisman yoki batamom qoplaydilar.
2. Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarni ishga joylashtirish uchun ixtisoslashtirilgan ish joylari barpo etishlari shart. Ushbu talab bajarilmagan taqdirda har bir barpo etilmagan ish joyi uchun ishga joylashtirish davlat xizmati tomonidan korxona, muassasa va tashkilotlardan ulardagi xodimning yillik o‘rtacha ish haqi miqdorida jarima undiriladi. O‘zlari avval buyurtma bergan oliy, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlarini bitirganlarni, shuningdek qayta tayyorgarlik qo‘rish uchun yuborilganlarni ishga qabul qilishdan bosh tortganliklari uchun ham korxonalar, muassasalar va tashkilotlardan xuddi shuncha miqdorda jarima undiriladi. Undirilgan mablag‘lar ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasini to‘ldirishga o‘tkaziladi.
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish joylarining miqdorini xalq deputatlari mahalliy Sovetlari ishlovchilar umumiy sonining kamida yetti foizi (shu jumladan nogironlar uchun kamida uch foizi) miqdorida belgilaydilar.
Ish beruvchilarning aholining raqobatga qobiliyatsiz toifalari uchun belgilangan eng kam miqdordan ortiqcha ish joylarini tashkil etishga, shuningdek ana shunday shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlashga qilgan sarf-xarajatlari xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining mablag‘lari, shuningdek ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasi mablag‘lari va boshqa mablag‘lar hisobidan qoplanishi mumkin.
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj kishilar uchun tashkil etilgan ish joylari xalq deputatlari mahalliy Sovetlari, kasaba uyushmalari va ish bilan ta’minlash davlat xizmatining idoralari bilan kelishgan holdagina qisqartiriladi yoki tugatiladi.
22-modda. Aholini ish bilan ta’minlashda kasaba uyushmalarining ishtiroki
Kasaba uyushmalari ish bilan ta’minlash davlat siyosatiga doir masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlarini va xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining qarorlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadilar.
23-modda. Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish respublika jamg‘armasi
1. Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish respublika jamg‘armasi respublika miqyosida va mahalliy darajada vujudga keltirilib, ish bilan ta’minlash siyosatini ro‘yobga chiqarish borasidagi chora-tadbirlarni pul bilan ta’minlashga va ish bilan ta’minlash idoralarining samarali faoliyat ko‘rsatishiga mo‘ljallanadi.
2. Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadigan tartibda:
mulkchilik va xo‘jalik yuritish shaklidan qat’i nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, kooperativlar va boshqa ish beruvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tabaqalashtirgan holda belgilaydigan, biroq mehnatga haq to‘lash fondining uch foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi majburiy ajratmalari (bu xarajatlar mahsulot tannarxiga qo‘shiladi);
respublika va mahalliy budjetlar mablag‘laridan tegishli budjetlarni shakllantirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va xalq deputatlari Sovetlari belgilaydigan miqdordagi dotatsiyalar;
ixtiyoriy ionalar, ushbu Qonunning 21 va 40-moddalariga muvofiq undiriladigan jarimalar va boshqa tushumlar hisobiga tashkil topadi.
Aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan, ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish xizmati va ularning tuman bo‘limlari qoshida ish o‘rinlari tashkil etish maqsadida ochilgan ish o‘rinlari tashkil etish maqsadida ochilgan korxonalar tijorat faoliyatidan olinadigan foydadan undiriladigan soliqlardan, shuningdek davlat va bojxona bojlari to‘lovlaridan ozodi qilinadi.
Bunda korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va kooperativlarning ajratmalari hisobiga hosil bo‘ladigan ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larining 70 foizi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ish bilan ta’minlash xizmatlarining tasarrufida qoladi (so‘ngra ular nohiyalar va shaharlar uchun taqsimlanadi), 30 foizi esa respublika darajasida markazlashtiriladi.
Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasining hisobot yilida foydalanilmagan mablag‘lari olib qo‘yilishi mumkin emas va ular kelgusi moliya yiliga o‘tadi.
Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi tijorat faoliyatidan olinadigan foydadan undiriladigan soliqlarning hamma turini to‘lashdan, shuningdek davlat va bojxona poshlinalaridan ozod qilinadi.
3. Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larini nimalarga sarflash aholini ish bilan ta’minlash borasidagi tegishli respublika va mintaqa dasturlarida belgilab beriladi.
24-modda. Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish
Xalq deputatlari mahalliy Sovetlari ish bilan ta’minlash davlat xizmatlarining takliflariga muvofiq va ularning ishtirokida o‘z mulki bo‘lgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda hamda shartnomalar asosida boshqa korxonalar, muassasalar, tashkilotlarda haq to‘lanadigan jamoat ishlarini amalga oshirilishini tashkil etadilar.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini bajarishga doir shartnomalar davlat ish bilan ta’minlash xizmatlarida ro‘yxatdan o‘tgan va ishsizlik maqomini olgan fuqarolar bilan 2 oygacha (bu muddatni uzaytirish va ishsizlik muddatini uzaytirish huquqi bilan) muddatga tuziladi.
Jamoat ishlarini bajarish chog‘ida fuqarolarga bajarilayotgan ishga qarab, biroq 15 foiz oshirilgan ishsizlik nafaqasi miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lash, ana shu ishlar muddatini umumiy va uzluksiz mehnat stajiga qo‘shish, pensiya ta’minoti va vaqtincha ishga layoqatsizlik yuzasidan nafaqalar olish huquqi kafolati beriladi.
Haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan shaxslarga to‘lanadigan ish haqining 50 foizidan kam bo‘lmagan qismi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, qolgan qismi esa mahalliy budjet mablag‘laridan va aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Aholining turli guruhlari uchun haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil etish tartibi va ularni o‘tkazish shartlari O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
25-modda. Ishsizlarga kasb o‘rgatish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash
1. Davlat ish bilan ta’minlash xizmatida ro‘yxatdan o‘tgan va ishsizlik maqomini olgan shaxslarni kasbga o‘rgatish, ularning malkasini oshirish va qayta tayyorlash basharti:
ishsiz zarur kasb malakasiga ega bo‘lmaganligi tufayli unga munosib ish tanlash mumkin bo‘lmasa;
ishsizning kasb ko‘nikmalariga mos keladigan ish yo‘qligi sababli uning malakasini o‘zgartirish zarur bo‘lsa;
avvalgi kasbi bo‘yicha ish bajarish qobiliyati yo‘qotilgan bo‘lsa amalga oshirilishi mumkin.
2. Fuqarolarga kasb o‘rgatish, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ish bilan ta’minlash davlat xizmatlarining yo‘llanmalari bo‘yicha o‘quv yurtlarida ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish jamg‘armasida ana shu maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.